Limon hosildorligini belgilovchi genlarni o‘rganishga qaratilgan zamonaviy molekulyar-genetik tadqiqotlar
Mazkur ilmiy-tadqiqot ishlari Qishloq xo‘jalik ekinlari molekulyar seleksiyasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, b.f.f.d. Jaloliddin Shamsutdin o‘g‘li Shavqiyev boshchiligida Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Limon hosildorligini belgilovchi genlarni o‘rganishga qaratilgan zamonaviy molekulyar-genetik tadqiqotlar
Limon (Citrus limon (L.) Osbeck) o‘simligida yuqori va barqaror hosildorlikni ta’minlashda gullarning saqlanib qolishi, meva tugishi hamda shakllangan mevalarning muddatidan oldin to‘kilmasligi muhim ahamiyatga ega. Shu sababli olimlar limonda gul va yosh mevalarning to‘kilishini (abscission) boshqaruvchi genlarni, gulning saqlanib qolishi va meva tugishini (fruit set) ta’minlovchi genetik mexanizmlarni, shuningdek, meva bandining mustahkamligi va mevaning daraxtda saqlanib qolishi (fruit retention) bilan bog‘liq genlarni chuqur o‘rganmoqda.
Bunday tadqiqotlarda gul va meva bandining abscission zonasi alohida ahamiyat kasb etadi — aynan shu zonada hujayralarning ajralishi, etilen va auksin kabi fitogormonlarning o‘zaro ta’siri hamda hujayra devorini parchalovchi fermentlarni boshqaruvchi genlarning faolligi gul yoki mevaning to‘kilishi yoxud daraxtda saqlanib qolishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqotning asosiy maqsadi — gullarning kam to‘kilishi, yuqori meva tugishi va shakllangan mevalarning bandda mustahkam saqlanishi bilan bog‘liq istiqbolli genlar va genotiplarni aniqlash hamda ulardan kelgusida yuqori va barqaror hosildor limon navlarini yaratish seleksiyasida foydalanishdir. Bu yo‘nalish limon seleksiyasini an’anaviy fenotipik baholashdan gen va molekulyar mexanizmlar darajasida boshqariladigan zamonaviy seleksiyaga olib o‘tishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadqiqot natijalari
Mazkur ilmiy-tadqiqot ishlari Qishloq xo‘jalik ekinlari molekulyar seleksiyasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, b.f.f.d. Jaloliddin Shamsutdin o‘g‘li Shavqiyev boshchiligida Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Tadqiqot doirasida mahalliy limon navlarida gullar va yosh mevalarning tabiiy to‘kilish sabablari o‘rganilib, “Yubileyniy”, “Turon” va “Toshkent” navlari, shuningdek, yana 10 ga yaqin nav qiyosiy baholandi. Kuzatuvlarga ko‘ra:
— “Yubileyniy” navida meva bandi nisbatan qalin va mustahkam bo‘lib, gul hamda yosh mevalarni saqlab qolish xususiyati boshqa mahalliy navlarga nisbatan yuqori ekanligi aniqlandi;
— “Toshkent” navida esa gullarning katta qismi to‘kilishi va meva bandining nozikligi sababli yosh mevalarning tushib ketishi kuzatildi.
Tadqiqotning asosiy ilmiy yangiligi — gul va yosh mevalarning to‘kilishi, shuningdek, meva bandining mustahkamligi bilan bog‘liq genetik omillarni molekulyar darajada o‘rganishdan iborat. “Turon” navida aniqlangan qimmatli xususiyatlardan kelgusida seleksiyada donor manba sifatida foydalanish rejalashtirilmoqda.
Tadqiqotning yakuniy maqsadi — gullari va yosh mevalari kam to‘kiladigan, meva bandi mustahkam hamda yuqori hosildor yangi limon nav va shakllarini yaratishdir.


