2025-yil 15-may kuni Toshkent shahridagi Hilton Tashkent City mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida “Global iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat xavfsizligida o‘simliklar genetikasi hamda eksperimental biologiyaning ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanning asosiy maqsadi – global iqlim o‘zgarishining agrobiotexnologik xavfsizlikka ta’sirini tahlil qilish, o‘simliklar genetikasi, molekulyar biologiyasi, bioinformatikasi va biotexnologiyasi sohasidagi eng so‘nggi ilmiy natijalar bilan o‘rtoqlashish, innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish, hamda xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Anjuman barqaror qishloq xo‘jaligini ta’minlashda o‘simliklarning genetik xilma-xilligidan samarali foydalanish, stressga chidamli navlarni yaratish, yangi molekulyar vositalarni joriy qilish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun xalqaro ilmiy jamoatchilikni birlashtirdi.
Ilmiy yo‘nalishlar:
1. Genetika va seleksiyada innovatsion yondashuvlar
2. O‘simliklarning genetik xilma-xilligi
3. Abiotik va biotik stresslarga chidamlilik mexanizmlari
4. Eksperimental biologiyada molekulyar genetika va bioinformatika
5. O‘simliklar biokimyosi va biotexnologiyasi
6. Fitopatogenlar va ularga qarshi biologik kurash usullari
Ishtirokchilar va taqdim etilgan ishlar:
Anjumanda O‘zbekiston, MDH mamlakatlari, Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalardan 250 dan ortiq ilmiy maqolalar taqdim etildi. Ilmiy kengash tomonidan 150 maqola saralab olindi, ulardan 40 tasi xorijiy mualliflar tomonidan yuborilgan. Yig‘ilishda 20 nafar xorijiy olim, 400 dan ortiq mahalliy olimlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va talabalar faol ishtirok etdilar.
Ilmiy maqolalarni baholash va nashr qilish:
Taqdim etilgan ilmiy ishlar ilmiy ekspertlar – hakamlar hay’ati tomonidan sifat jihatidan baholanmoqda. Tanlab olingan maqolalar konferensiya davomida maxsus sessiyalarda muhokama qilinadi. Nufuzli xalqaro ilmiy bazalarda – Polshaning Index Copernicus, Yevropaning Zenodo va OpenAIRE platformalarida, shuningdek, ilmiyanjumanlar.uz portalida e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Maqolalar Google Scholar tizimi orqali indekslanadi, bu esa ularning global ilmiy muomalada tan olinishi va ilmiy iqtiboslanish salohiyatini oshiradi.