Yangi nav – yangi imkoniyat: “Kelajak-3” gʻoʻzasi hosildorlik sinovlarida
OʼzR FA Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan oʼrta tolali gʼoʼzaning yangi "Kelajak-3" navi 2024-yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi "Xolyorov Jahongir kelajagi" va "Istiqlol 10 yilligi" fermer xoʼjaliklarida sinovlardan oʼtkazildi.
Joriy 2025-yilda tumandagi yana "Sagʼdullo bobo Luqmonov", "Muhammadi dodo zamini" singari fermer xoʼjaliklarida keng maydonlarda ilmiy-amaliy kuzatuvlar davom ettirilmoqda.
Ushbu kuzatuvlar nav hammualliflari tomonidan izchil olib borilmoqda. Ayni damda mazkur gʼoʼza navining maydonlarida oʼrtacha 12-15 dona atrofida koʼsaklar mavjud boʼlib, ushbu holat xoʼjaliklar uchun ayni damdayoq yuqori hosildorlikning kutilayotganligini anglatadi. Аgar maydonlarda hali 15-20 kun atrofida koʼsaklash jarayonlarining davom etishini hisobga olinsa, mazkur gʼoʼza navining hosildorlik koʼrsatkichlarini fermerlar uchun eng maqbul navlardan ekanligini bildiradi.
Qolaversa, ushbu gʼoʼza navining hech qanday chilpish tadbirlari amalga oshirilmasdan bosh poya balandligining tabiiy ravishda 75-85 sm.da oʼsishdan toʼxtashi xoʼjaliklar uchun iqtisodiy samaradorlikni yanada oshiradi.